Home / Ақоид ва Калом / Тавҳид / Allohni tanish uchun yo’l-yo’riqlar

Allohni tanish uchun yo’l-yo’riqlar

 Borliq ato etuvchi va Rahmli Alloh nomi bilan

  Sevimli payg’ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi va olihi vasallam)ning pok ruhlariga va ul zotning Ahli-Baytlariga salomu salavot yo’llab, ushbu maqolamizni huzuringizga taqdim etamiz. Inson o’z tajribalari, qo’lidagi mavjud vositalar, imkoniyatlar va muqoyasa yo’li bilan biror bir narsaning mavjudligini aniqlay olmasa, uni rad etishi joiz emas.

  Hazrat Ali (alayhis salom) aytganlaridek, ko’zlarimiz Parvardigor Karimni ko’rishga qodir emas, ammo aql-zakovat ila Uni idrok etamiz. Unutmaslik kerakki, biz moddiy olamning tuzog’ida tutqunmiz va Allohning mutlaq va cheksiz vujudini tasavvur etolmaymiz. Shu sababdan moddiyunchilar aytgandek, jismni ushlab ko’rib, ishongandek emas, balki ruhiy narsalar va ilohiy va g’ayb olamini aql ko’zi bilan his etib anglay olamiz.
  Imom Sodiq (alayhis salom) ning yoronlaridan biri ul hazratga shunday maktub yozgandi:
  «Iroq mamlakatida bir toifa kishilar Xudoning shakl va shamoyili bor, deb aytishadi. Tavhid masalasini tushuntirishingizni istardim.»
  Imom Sodiq (alayhis salom) hazratlari unga quyidagicha javob yozadilar:
  «Xudo seni O’z rahmatiga olsin! Alloh buyukdir! Uning misl va monandi yo’q! Alloh eshitguvchi va ko’rguvchidir! Alloh o’sha aytganing odamlar vasf qilgan narsalardan pok va munazzahdir. Allohning sifatlari hamon Qur’onda zikr etilgan sifatlardir!»
  Sevimli payg’ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi va olihi vasallam) Ahli-Baytlarining bergan ta`limotiga ergashgan kishi turli yo’llar bilan Alloh taoloni anglash sharafiga muyassar bo’ladi.
  Ahli-Bayt mazhabiga mansub ulug’vor zotlar gohida odamlarning ruh-vijonlariga murojaat qilib, ba’zan esa aqliy dalillar keltirish yo’li bilan kishilarni yagona Allohni anglashga hidoyat etishgan.
  Ongi shak-shubha va gumonsirashdan uzoq bo’lgan kishilar o’z Yaratuvchilarini osonroq yo’l bilan tezroq anglab oladilar va Unga yaqinlashadilar. Bu yo’l uzundan-uzoq muqaddimaga muhtoj emas. Shu sabab, bu usul qay bir aqliy darajada bo’lishdan qat’iy nazar, xaloyiqning barcha qatlamlari uchun tushunarlidir. Bu yo’nalish hammadan oldin insonlarning fitrati (ilohiy tabiati)ni uyg’otishga asoslanadi.
  Payg’ambarlar va din peshvolari, shuningdek, Rasululloh (sallallohu alayhi va olihi vasallam) Ahli-Baytlari Allohni xalq ommasiga anglatish uchun ana shu yo’ldan foydalanganlar.
  Allohni anglashning oson va sodda yo’llaridan biri yaratilish olamida sayr qilishdir. Qur’oni Karim ta’biri bilan aytganda, ilohiy oyatlar haqida fikr yuritib, tafakkur qilmoqlikdir.
  Yeru osmon, hamda inson vujudidagi har bir o’zgarishlar Ul Zoti pokning mavjudligiga dalil bo’lib, inson qalbining qutbnamosini doimo va hamma joyda hoziru nozir bo’lgan borliqning Yaratuvchisi tomon hidoyat etadi.
  Tevarak-atrofimizdagi olam juda aniq tartib-nizom asosida yaratilgan va bu nazm-tartib ana shu olamni yaratgan va uning ustidan hukmronlik qiluvchi hakim va cheksiz bilim va qudratga ega ulug’ Zotning mavjudligidan dalolat beradi.
  Borliq olami haqida tafakkur qilish odamlarning barcha qatlamlarining qo’lidan keladi. Oddiy odamlardan boshlab eng ulug’ mutafakkirlargacha bu narsadan foydalanishadi. Har bir kishi o’zining aql-zakovati va dunyo qarashi doirasida borliq mavjudotdagi voqea-hodisalardan Alloh taoloning mavjudligi haqidagi dalillarni ilg’ab olishi mumkin.
  Imom Sodiq (alayhis salom) hazratlari buyuradilar:
  «Biror-bir asbob – uskunani kimdir yasagan bo’ladi. Samoga qad ko’targan binoni allaqanday bir quruvchi qurganiga ishonch hosil qiladi, kishi, garchi binoning qurilish jarayonini ko’rmagan bo’lsa ham».
  Insonning aql-zakovati chegaralangan. Uning tafakkur doirasi qanchalik ulkan, dunyo qarashi qanchalik keng bo’lishiga qaramasdan Alloh ilmining kengliklarini qamrab ololmaydi.
 Borliq hayot biz uchun ikki qismdan iborat:
 Biri oshkor, biri nihon.
 Bu narsalar ilmiy tilda g’ayb va shuhud ham deyiladi.
  Olamning ayrim haqiqatlari tashqi hislar bilan idrok etilmaydi. Ammo bunga qaramay, ushbu haqiqat inkor qilib bo’lmas voqelikdir. Demak, barcha haqiqatlar faqatgina tajribaga asoslangan hissiy idrok bilan anglanmaydi. Aql va tafakkur tajribasi hissiy idrokka ko’maklashgan taqdirda, ko’pgina voqea-hodisalarning sir-asrori oshkor bo’lishi mumkin.
  Ahli-Bayt maztabining ta’limotida aql Parvardigori olam tomonidan insonga ato etilgan nurga o’xshatiladi. Aql Haqni botildan, yaxshini yomondan ajratguvchi mezondir.
  Hazrat Ali (alayhis salom) bu borada buyurmishlar:
  «Aql vositasi bilan Allohning mavjudligiga e’tiqod hosil qilinadi va Allohning mavjudligiga iqror bo’lish bilan imon kamolotga etadi».
  Parvardigori karim har bir narsani ma’lum sabablar vositasida yaratadi.
  Imom Sodiq (alayhis salom) hazratlari bu haqda buyuradilar:
  «Ilohiy sunnat har bir narsani sabab orqali vujudga keltiradi. Shunday ekan, Yaratuvchi har bir narsa uchun ma’lum sababni belgilagan va har bir sababning o’ziga yarasha kaliti bor. Har bir kalit uchun esa unga tegishli ilm mavjud. Ana o’sha ilm haqiqatlar bayoni darvozasidir. Bu ilmni bilgan kishi Xudoni tanishi, uni inkor qilgan kimsa esa Xudoni inkor etgan hisoblanadi».
  Har bir sahifasi oliy aql va tafakkur ila bitilganidan guvohlik beruvchi yaratilishning buyuk Kitobini varaqlaganimizda bu haqiqatga yanada ko’proq ishonch hosil qilamiz.

NAJOTKEMASI.NET – Xalqaro Islomiy Axborot va Tadqiqot Markazida tayyorlandi.
Share

Check Also

Нега шиалар охиратда Аллоҳнинг жамолини кўз билан кўриб бўлмайди дейишади?(7)

БИСМИЛЛАҲИР РОҲМАНИР РОҲИЙМ Аллоҳ таолони кўз билан кўришни инкор этувчи оятлар: Ушбу масалада мезон ва …

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.